So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
O'zbekiston yangiliklar

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi kuchaytiriladi

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi kuchaytiriladi
23.02.2021

O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining kuni kecha bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida ilk bor a’zo davlat sifatida ishtirok etdi. Shu jihatdan bu kun mamlakatimiz tarixiga muhim sana sifatida kirdi.

Ta’kidlash joizki, Inson huquqlari bo‘yicha kengashga O‘zbekistonning a’zo bo‘lib kirishi BMTning 169 a’zo davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash 47 davlatdan iborat bo‘lib, unga a’zolik uch yilni tashkil qiladi. O‘zbekiston kengashga a’zo bo‘lar ekan, zimmasiga inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirish majburiyatini oldi.

Bu O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar mevasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizning xalqaro nufuzi yangi bosqichga ko‘tarilib, uning boshqa davlatlar bilan hamkorligi yanada kengaydi.

Aytish joizki, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2018 yil 20 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorda samarali bandlikni amalga oshirish, erkak va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish maqsadi belgilangan.

Asosiy vazifa sifatida 2030 yilgacha barcha xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironlarni barqaror va samarali bandlik hamda munosib ish bilan ta’minlash belgilangan.

Bolalar mehnati hamda majburiy mehnatning eng yomon shakllariga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat va monitoring qilishni kuchaytirish, ishchi xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ular uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash kabi vazifalar nazarda tutilgan.

Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, 2020 yil 15 oktyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari amalda ta’minlanayotgani natijasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmayapti. Bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ayollar hamda bolalar huquqlariga bo‘lgan e’tibor ko‘chaytirilib, Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi “Bolalar huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ombudsmanning Bola huquqlari bo‘yicha vakili lavozimi joriy etildi.

2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning asosiy tamoyili hisoblanadi.

Zero, bugungi sa’y-harakatlar, qonunchilik asosini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishdek ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishining eng muhim garovidir.

Yuqorida qayd etilganidek, 2021 yildan Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lgani O‘zbekiston zimmasiga inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirish majburiyatini ham yukladi. Demak, yurtimizda inson huquqlari himoyasi yanada kuchaytiriladi.

Nodirbek Yusupov,

TDYUU mehnat huquqi

kafedrasi o‘qituvchisi.

O‘zA

Manba: UzA.uz

  • 206