So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
O'zbekiston yangiliklar

Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilmoqda

Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilmoqda
23.02.2021

O‘tgan davr mobaynida yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.

Birinchi marta Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va hududlarda ma’muriy sudlar tashkil etildi. Tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini sudda himoya qilish kafolatini kuchaytirish maqsadida iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni sud-huquq islohotlarini yangi bosqichga olib chiqdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan «bir sud – bir instansiya» tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi alohida e’tiborga olindi, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi, ya’ni fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi sudlar bitta sud sifatida birlashtirildi.

Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilib, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, Investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 24 noyabrda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2021 yil 6 yanvarda ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi 671-sonli Qonuniga ko‘ra, 7-modda ikkinchi qismi, 33-modda, 85-modda to‘rtinchi qismi 8-bandi, 86-modda beshinchi qismi 8-bandi, 93-modda birinchi qismi 16-bandi, 98-modda uchinchi qismi, 100-modda sakkizinchi xatboshisiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 107-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir».

Shuningdek, 117-modda sakkizinchi qismining o‘zbekcha matnidagi «qonunlarga» degan so‘z «qonun hujjatlariga» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Bir so‘z bilan aytganda sud-huquq sohasidagi bu islohotlar, avvalo inson huquq va erkinliklarini mustahkamlashga, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish orqali xalqaro standartlar darajasida xizmat qilishga qaratilgan.




  • 221