So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
O'zbekiston yangiliklar

Ayollar muammolari yechimi borasida dunyoda muqobili yo‘q tizim yaratildi...

09.01.2021

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xotin-qizlarga munosabat, ayollarga munosib hayot sharoitlarini yaratib berish, ularning muammolarini tizimli o‘rganish, mehnat faoliyati va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi.

Darhaqiqat, o‘tgan yili avvalgi yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga to‘g‘ri keldi. Butun insoniyat tarixda misli ko‘rilmagan balo –koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

90 millionga yaqin inson unga chalingan bo‘lsa, qariyb 2 million odam qurbon bo‘ldi, ko‘rilgan zarar miqdori 4 trillion dollardan oshib ketdi. Nobud bo‘lganlarning o‘zi sayyoramizdagi kichikroq davlat aholisiga tengdir.

Pandemiya tufayli dunyo miqyosida yarim milliard inson ish o‘rnini yo‘qotdi. Albatta, bunda eng katta zararni xotin-qizlar, farzandli va boquvchisini yo‘qotgan ayollar ko‘rdi, desak bu ham xato bo‘lmaydi.

Yurtimizda xotin-qizlar bir necha yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Birinchidan, O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar va yoshlardan tashqari, ayollar bilan manzilli ishlashga qaratilgan “temir daftar” tizimi orqali qisqa muddatda 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Ikkinchidan, so‘nggi 4 yilda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 60 foizga yetkazilgani, bog‘chalar soni ham uch barobar ko‘payib 14 mingga yetkazilgani ham uyda asosan bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib qolayotgan ayollarimizga katta yengillik beradi.

2023 yil yakuni bilan maktabgacha ta’lim qamrovini 75 foizga yetkazish g‘oyasi juda katta rejadir. YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli yo‘lga qo‘yilishi xotin-qizlarimizga yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Uchinchidan, yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetkazildi.

E’tiborli tomoni ularning aksariyati qiz bolalar ekani bizni cheksiz quvontiradi. Oliy ma’lumotli diplomga ega har bir qiz hayotda o‘z o‘rnini topishi, kelgusida ijtimoiy faol insonga aylanishini davrning o‘zi tasdiqlab turibdi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilingani davlatning e’tiborga muhtoj oilalarga ko‘rsatayotgan cheksiz rag‘bati ifodasidir. Bu yil ular miqdori ikki hissa oshirilishi esa hayotga katta umid bilan boqayotgan bunday toifadagi qizlarimiz qalbini tog‘day ko‘tardi.

To‘rtinchidan, xorijda adashib, o‘z yo‘lini yo‘qotgan va qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida navbatdagi “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirildi. Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdig‘idir.

Ular shunchaki olib kelingani yo‘q, balki bu yerda ham chuqur psixologik yordam ko‘rsatilib, qobiliyatiga yarasha ishga joylashtirilib, mavjud muammolariga ijobiy yechim topilmoqda.

Men o‘zim Toshkent shahar Zulfiya nomidagi Davlat komissiyasi va Maktabgacha ta’lim vazirligi qoshidagi Jamoat Kengash a’zosi sifatida tizimli g‘amxo‘rlikni o‘z hayotimda chuqur his qilib kelmoqdaman.

Albatta, O‘zbekiston Rahbarining gender tenglikni ta’minlash borasidagi harakatlari joriy yilda ham izchil davom ettiriladi va biz olima ayollar belgilangan vazifalar doirasida o‘zimiz uchun alohida “Yo‘l xaritalari”ni ishlab oldik. Albatta, ilmiy doiralar vakillari ham ularni to‘liq ijrosini ta’minlash uchun qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, yanada faollik va jonbozlik ko‘rsatishi zarur.

E’tibor Sultanova,

JIDU professori, siyosiy fanlari doktori

Manba: O'zA

  • 180