So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Hokimiyat yangiliklari

Toshkent viloyatida ziyorat turizmi ommalashtiriladi va “Yosh sayyohlar uchun” yangi loyihalar bor

04.03.2021

Turizm – mamlakatni dunyoga tanituvchi, iqtisodiyot uchun yuqori daromad keltiruvchi va aholi bandligini ta’minlovchi sohalardan biri.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabr kuni o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha rivoji yo‘lidagi muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur hujjatda turizm ob’ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo‘lni yaxshilash, madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan teng ulushlarda ajratilishi nazarda tutilgan. Albatta, bu sa’y-harakatlar bejizga emas.

Joriy yil Toshkent viloyatida ham yirik moddiy-madaniy meros ob’ektlarida ichki infratuzilmasini shakllantirish maqsadida ziyoratgohlarga alohida e’tibor qaratilyapti. Bo‘stonliq, Qibray, Yuqori Chirchiq, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz, Oqqo‘rg‘on, Piskent, Bo‘ka va boshqa tumanlarda 828 ta tarixiy ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning har biriga yil bo‘yi ziyoratchilar kelib turadi. Mazkur qadamjolarda ko‘p asrlik tarixiy ma’lumotlar bor.

Parkent tumanidagi Kumushkon turizm qishlog‘ida joylashgan “Masjid Ali” ziyoratgohi xalq orasida alohida mehr bilan yodga olinadigan Hazrat Ali nomi bilan bog‘liq ko‘rkam qadamjo bo‘lib, viloyatning eng ajoyib diqqatga sazovor joylaridan hisoblanadi. Ziyoratgohdagi ajoyib ulkan chinor va shifobaxsh buloq suvi ziyoratchilar tomonidan e’zozlanib, bu mo‘’jizalarni ular aynan Hazrat Alining tashrifi bilan bog‘laydi. Ushbu hududda qadimdan kumush konlari mavjud bo‘lib, buloq suvlariga ijobiy ta’siri natijasida inson salomatligiga nihoyatda foydali.

Shuningdek, “Zarkent ota” majmuasi – Ja’far ibn Husayn Sayyid Battol G‘oziyning qadamjosi hisoblanadi. Zarkent ota VIII – IX asrlarda yashagan harbiy qo‘mondon va qutb-ul-aqtob darajasidagi tasavvuf ahli namoyondasidir. Bu ulug‘ insonga bag‘ishlab bir qator olimlar asarlar yaratgan. Rivoyatga ko‘ra, Zarkent qishlog‘ida sodir bo‘lgan jangda Said Ja’far G‘oziy dushmanlarni yengib, g‘oyib bo‘lgan. Shu bilan birga, dunyoda G‘oziyning yettita qadamjosi bor bo‘lib, Zarkent qishlog‘idagi tarixiy majmua eng ulug‘ qadamjolardan biri hisoblanadi.

Ohangaron tumanidagi “Shoabdumalikbobo” maqbarasi – XIII asrga mansub bo‘lib, Do‘stlik qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi ziyoratgohdir. Xalq orasida “Shodmalikbobo” nomi bilan tanilgan mashhur shayx Hoja Ahmad Yassaviyning birinchi muridi bo‘lgan hazrat Mansur otaning farzandlari bo‘lib, Zangiboboning buvalari bo‘lgan.

Tarixchi Yu.Buryakov “Toshkent oblastining arxeologik yodgorliklari” kitobida mazkur ziyoratgohni Ohangaron daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan ikki xonali yerosti sag‘anasi, hovuzli chorbog‘ va keyingi vaqtlarda qurilgan turli-tuman imoratlardan iborat kompleks ekani haqida yozgan. Shuningdek, Professor Mixail Yevgenevich Massonning guvohlik berishicha, “Shoabdumalikbobo”ning qabri saqlanayotgan sag‘anada juda ko‘p qo‘lyozma va kitoblar bo‘lib, ular avvaliga tekshiruvchilar tomonidan olib ketilgan. Bu qo‘lyozmalar tahminlarga ko‘ra, hozir Sankt Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari fondida saqlanadi. Bu asarlarning aksariyati Shoabdumalikboboning dastxatlari bilan yozilgan noyob asarlar bo‘lib, ularning ko‘pi ilohiyot sirlari, tush ta’birlari, ma’rifat talqini, Qur’on tafsirlari va boshqa sohalarga bag‘ishlangan o‘ttizdan ortiq qo‘lyozmalar bo‘lgan.

Sag‘ana sharq me’morchiligining ajoyib namunasi bo‘lib, yer ostiga ko‘milgan. 2009-2016 yillarda yer osti sag‘ananing ustida maqbara bunyod etildi. Ayni vaqtda ziyoratgoh hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

– Joriy yil viloyatda umumiy qiymati 1,6 trillion so‘mlik jami 86 ta turizm sohasiga oid investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, – deydi Toshkent viloyati turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati bosh mutaxassisi Sh.Mirzaaliyeva.

– Shuningdek, xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida turistik marshrutlar yo‘nalishi bo‘yicha uchta tilda (ingliz, rus, o‘zbek) 90 ta yo‘l ko‘rsatkich belgilari Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron, Zangiota tumanlari va Angren shahrida o‘rnatiladi. Turistlar tashrif buyuruvchi joylarida 80 ta Wi-Fi hududlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, joriy yilda “Yoshlar uchun turizm oyligi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunda transport xizmati, ovqatlanish shoxobchalari xizmatidan foydalanish, turizm maskanlariga kirish uchun turli chegirma va aksiyalar o‘tkazish orqali yosh sayyohlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Yosh sayyohlar uchun alohida sarguzasht turizmi, sport va ekstremal turizm yo‘nalishlarida sayohat dasturlarini ishlab chiqish va uni keng targ‘ib etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Yil oxiriga qadar 10 dan ortiq yangi yo‘nalishlar joriy etiladi.

Bundan tashqari, viloyatga turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida 2021 yil davomida o‘tkazilishi mo‘ljallangan yirik madaniy ko‘ngilochar va ommaviy sport tadbirlari yagona taqvim rejasi ishlab chiqildi. Ushbu tadbirlarni tegishli tashkilotlar bilan birgalikda yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.



Manba: O'zA

  • 247