So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Hokimiyat yangiliklari

Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, ochiq va amaliy tashqi siyosat yuritish – asosiy maqsad

15.01.2021

Shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama etilmoqda.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zolari ham Murojaatnomada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda izchil, konstruktiv, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat yuritish borasida bildirilgan barcha taklif va tashabbuslarni atroflicha muhokama qilmoqdalar.

Dilorom Fayziyeva qo‘mita raisi:

– Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida 2021 yildagi mamlakatimiz aholisi turmush darajasining izchil o‘sishini ta’minlashga qaratilgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Prezident Murojaatnomasida jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini modernizatsiya va isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan samarali tashqi siyosat olib borish masalalari ham markaziy o‘rin egalladi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz xalqaro maydonda nufuzi keskin ortib, sifat o‘zgarishlariga erishdi, o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ochiq va konstruktiv muloqotga qodir, mas’uliyatli va oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan obro‘li sherik bo‘lishga intilmoqda.

Albatta, pandemiya sharoitida jahonda kechayotgan keskin geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarni yangi reallikka moslash kabi ustuvor talablarni ilgari surmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Murojaatnomaning tashqi siyosat qismida belgilangan har bir vazifa va masala nihoyatda katta ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Ushbu vazifalarning bekamu-ko‘st ijrosi esa, o‘z navbatida, yurtimizning xalqaro maydondagi imijini yuksaltirishga, uning tevaragida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlik uchun xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Qodir Jo‘rayev qo‘mita raisining o‘rinbosari:

– Murojaatnomada O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini yangilash va har tomonlama takomillashtirish haqida ilgari surilgan taklif nihoyatda dolzarb va o‘rinlidir. Bu tashabbus o‘z vaqtida va mantiqan to‘g‘ri qo‘yilgani bilan ham e’tiborga molik.

Ma’lumki, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi – davlatning xalqaro munosabatlar sohasidagi o‘rta va uzoq muddatli strategik maqsad va vazifalarini to‘liq qamrab oluvchi, milliy manfaatlarni ilgari surish, amalga oshirish va himoya qilish bilan bog‘liq mexanizmlar hamda ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi, o‘zida mamlakat tashqi siyosiy faoliyatining asosiy tamoyillarini tizimli ravishda ifoda etuvchi doktrinal hujjat hisoblanadi.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi 2012 yilda qabul qilingan bo‘lib, konseptual hujjat sifatida o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi progressiv tashqi siyosatining asosiy maqsad-vazifalarini va ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida qaysidir ma’noda mujassam etib keldi, albatta.

Biroq shiddatli zamon bir joyda qotib turmaganidek, kechagi o‘lchamlar ham bugungi jadal taraqqiyotimiz mezonlariga to‘g‘ri kelmasligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Binobarin, Konsepsiyaning ba’zi jihatlarini Yangi O‘zbekistonning ochiq, konstruktiv va amaliy tashqi siyosatidan, jahon maydonida tobora ortib borayotgan o‘rni va mavqeidan kelib takomillashtirishga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Ayniqsa, zamonaviy xalqaro munosabatlardagi tub o‘zgarishlar, dunyodagi siyosiy-harbiy vaziyatning kutilmagan evrilishlari, globallashuv jarayonlarining yanada chuqurlashuvi, qudratli siyosiy va iqtisodiy kuch markazlari joylashuvidagi transformatsiyalar, keng mintaqamizda va O‘zbekistonning yon-atrofidagi hududlarda ro‘y berayotgan hodisalar va tobora kuchayib borayotgan turli xavf-xatarlarga munosib javob qaytarish kun tartibiga dolzarb vazifa sifatida chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasining yangi tahrirda qabul kilinishi mamlakatimiz tashqi siyosatining progressiv mohiyatini, kuchayib borayotgan iqtisodiy-diplomatik sa’y-harakatlarini, ochiqlik xarakterini dunyoga namoyish etayotgani bilan bevosita bog‘liq. Qolaversa, bugungi reallik O‘zbekiston Rahbarining nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki uning tevaragida ham xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik makonini, strategik sheriklik ruhini mustahkamlashga bo‘lgan yuksak siyosiy irodasini yaqqol namoyon etmoqda.

Jahongir Mamajonov qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada Prezidentimiz 2021 yilda tashqi siyosatimizning vazifalarini belgilab berar ekan, Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga ko‘ra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida bo‘lib kelgan. Shuningdek, bizning mintaqamiz doimo o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan noyob chorraha vazifasini o‘tagan.

Tan olish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning mintaqaviy tashabbuslari va ularning amaliy ijrosi yo‘lidagi olamshumul sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat, yaqin hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi, ko‘p yillik to‘siqlar olib tashlandi. Qisqa vaqt ichida mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik muhitini mustahkamlashga erishildi.

Yaqin-yaqingacha o‘zaro munosabatlarda ba’zi mavzularda gapirish “maqbul emas”, deb hisoblangan bo‘lsa, hozirda biror bir “yopiq yoki sirli mavzu”ning o‘zi qolmadi. Jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transchegaraviy, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlarini kesib o‘tish kabi muammolarni tomonlar ochiq va do‘stona ruhda hal qilib kelishmoqda.

Zuhra Shodiyeva qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, ushbu mamlakatlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi eng yirik hamkorlari hisoblanadi, qolaversa ularning aksariyati bilan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan, savdo aylanmasi muttasil ortib bormoqda.

So‘nggi yillarda yuqorida nomlari tilga olingan davlatlarning hammasi bilan ham nafaqat ikki tomonlama, balki nufuzli tuzilmalarda ko‘p tomonlama formatlarda ham aloqalar izchil rivojlandi. Hech kimga sir emas, so‘nggi yillarda investitsiyaviy faollikning keskin o‘sishi mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishining bosh omillaridan biri bo‘ldi.

So‘nggi to‘rt yilda xorijiy investitsiyalarning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 22 foizni, jami hajmi 26,6 milliard dollarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar – 17,5 milliard dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, bu to‘rt yildagi natijalar bilan 2007-2017 yillardagi ko‘rsatkichlar tengdir.

Biroq Murojaatnomada erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan balki sherik davlatlar bilan qator sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada chuqurlashtirish lozimligi alohida qayd etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga, xususan, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarga mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlarning qo‘yilishi biz deputatlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Biz Murojaatnomada qayd etilgan ana shu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament va deputatlik nazorati mexanizmlaridan unumli foydalanishimiz, jumladan, muntazam ravishda mutasaddi tashkilot va idoralarning ushbu vazifalar ijrosini monitoring qilib borishimiz maqsadga muvofiqdir. Pirovard natijada mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar aloqalar yanada kengayadi.

Nodir Jumayev qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishongan holda bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham davom ettirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar avvalo ko‘p asrlik tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, ko‘p tomonlama siyosiy hamkorlikni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonda qirq yildan ortiq davrdan buyon poyoniga yetmayotgan mojaroni to‘liq bartaraf etishga katta e’tibor qaratib kelyapti. Ushbu muammo O‘zbekiston yetakchisining xalqaro kun tartibidagi eng ustuvor, ta’bir joiz bo‘lsa birlamchi masala bo‘lib kelmoqda, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston va Afg‘onistonning konstruktiv hamda do‘stona munosabatlar o‘rnatish borasidagi intilishlari 2016 yil so‘nggida tomonlarning yangicha yondashuvlari bilan yuqori bosqichga ko‘tarildi hamda hamkorlik uchun misli ko‘rilmagan istiqbol eshiklari ochildi.

Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent xalqaro konferensiyasi global maydonda katta qiziqish uyg‘otib, nafaqat mintaqamiz, balki boshqa hududlarga ham ta’sir o‘tkazayotgan Afg‘oniston muammosini tinchlik yo‘li bilan yechish borasida yirik platforma, kelgusidagi uchrashuvlar va muzokaralar uchun dastlabki poydevor bo‘ldi.

Murojaatnomada to‘g‘ri ta’kidlanganidek, Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka qo‘shilishi uchun har tomonlama ko‘mak berishimiz juda muhimdir. Bundan tashqari, shu narsani tushunish lozimki, Afg‘oniston hududidan tahdidlar qanchalik kam bo‘lsa, milliy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi xavotirlarimiz shunchalik kamayadi.

Bu yo‘nalishda tejaladigan resurslarni biz ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish, fuqarolarimizning turmush darajasini oshirishga yo‘naltirishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari Murojaatda keltirib o‘tganidek, hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlanmoqda. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi bir tomondan, Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi rolini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, butun mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shadi.

Umuman olganda, O‘zbekiston afg‘onlararo yarashuv jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi mamlakatimizning milliy manfaatlariga har tomonlama mos keladi. Zero, Afg‘onistondagi osuda hayot Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi kooperatsiya uchun ulkan imkoniyatlar ochib beradi.

Abdulla Aslonov qo‘mita a’zosi:

– Davlatimiz rahbari Murojaatnomada BMT hamda boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham katta e’tibor qaratdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero. xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning BMT va uning tarkibidagi ixtisoslashgan tashkilot hamda muassasalari, xususan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB), OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi (YUNEYDS), Gender tengligi hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi (BMT – ayollar), Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan aloqalari yildan-yilga kengayib bormoqda.

Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikni bundan buyon ham izchil davom ettirish va rivojlantirish milliy manfaatlarimizga to‘liq mos tushadi. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida, “Biz qat’iy ishonamiz, BMT bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutadi” degan fikri respublikamizning bu boradagi tashqi siyosiy pozitsiyasini yaqqol namoyon etadi.

Ayniqsa, BMTning 2015-2030 yillar uchun mo‘jjallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari respublikamizda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi bilan to‘liq hamohang bo‘lib, aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofazalash, iqtisodiyotni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini va faolligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi masalalarni qamrab oladi.

O‘ktamjon Islomov qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada xalqaro tashkilotlar bilan birga mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalarni izchil rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Shanxay Hamkorlik tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun prinsipial ahamiyatga ega.

Ma’lumki, SHHT o‘tgan salkam 20 yil ichida ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida namoyon etib, xalqaro maydonda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi. Qisqa davr ichida Tashkilot salmoqli shartnoma-huquqiy bazasi yaratildi, institutsional jihatdan shakllandi; uning tuzilmaviy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yo‘lga qo‘yildi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan onlayn sammitida mamlakatimiz rahbari nutq so‘zlab, pandemiya sharoitida “Shanxay ruhi”ni mustahkamlashning g‘oyatda muhimligiga e’tibor qaratdi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan aniq taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Xususan, elektron tijoratni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, birgalikda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada mutaxassislar tayyorlash qo‘shma dasturlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik dasturini ishlab chiqish, tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish, pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etishga katta urg‘u berildi.

SHHT doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish ana shu ezgu g‘oya va intilishlarni samarali amalga oshirish imkonini beradi. Qolaversa, mamlakatimiz 2021 yilda o‘tadigan navbatdagi sammitda tashkilot raisligini qabul qilib qoladi va kelgusi bir yilda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surishi shubhasiz. Yakunlangan yilda O‘zbekistonning MDH doirasidagi muvaffaqiyatli raisligi bunga to‘la ishonch yaratadi.

Zulayho Akromova qo‘mita a’zosi:

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, shubhasiz, xalqimiz ertasi, uning tinchligi, farovonligi yo‘lida rejalashtirilgan eng aniq va eng to‘g‘ri yo‘ldir. Murojaatnomada ko‘pgina masalalar qatori O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarini yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarish vazifalari qo‘yilgan bo‘lib, bu ishlarning barchasi yakunda xalqimiz turmush darajasini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Murojaatnomada MDH doirasida hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu mintaqaviy tuzilma bilan aloqalarni kengaytirish respublikamizning milliy manfaatlariga har tomonlama mosdir. Ma’lumki, O‘zbekiston ilk bor 2020 yilda MDHga raislik qildi. Pandemiya keltirib chiqargan og‘ir vaziyatga qaramay, yil davomida ushbu raislik doirasida aniq reja asosida ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish bo‘yicha 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston mazkur tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga oid qator taklif va tashabbuslarini ilgari surdi. MDH mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal sur’atlarda qayta tiklash, hamdo‘stlik doirasida “yashil” va soddalashtirilgan yo‘laklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha yagona platformani ishga tushirish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish kabilar shular jumlasidandir.

Eng muhimi, O‘zbekiston Prezidentining taklifi asosida MDHni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi hamda MDH ishtirokchi-davlatlarining transport sohasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar, shubhasiz, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Feruza Nig‘matova qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib, 30 iyul sanasini O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida belgilash taklif etildi.

Ma’lumki, 2011 yil 27 aprelda BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida “Xalqaro do‘stlik kuni” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan edi. Shu bois, “Xalqlar do‘stligi kuni”ning mohiyati bugungi kunda eng dolzarb va muhim bo‘lgan, mamlakatimizda bir oila a’zolaridek istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Vatanimizda istiqomat qilayotgan barcha millatlarning o‘z urf-odatlari va asriy qadriyatlari yanada e’zozlanadi, ezgulik, birdamlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etiladi.

Darhaqikat, bugungi kunda 34 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashab kelmoqda. Aytish joizki, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida mamlakatimizda bir qator e’tiborli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Chunonchi, qirqqa yaqin milliy madaniy markazlar, 34 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun 7 ta (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman) tilda ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi o‘z dasturlarini 12 tilda namoyish etmoqda. Bosma nashrlar 14 tilda nashr qilinmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tomonidan 30 iyulni “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilash bo‘yicha bildirilgan taklif yurtimizda yashayotgan ko‘pmillatli xalqimizning tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan amaliy harakatlarning ramziy ifodasidir. Bu kunni kattta tantana bilan nishonlash, olib borilayotgan tizimli ishlarni dunyo ahliga ochiq-oydin ko‘rsatish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ruhini targ‘ib etish barchamizning muqaddas maqsadimiz hisoblanadi.

Kelgusida Xalqlar do‘stligi kunining har yili keng nishonlashning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston zaminida tinchlik madaniyatining yanada chuqur ildiz otishiga ko‘maklashadi, mamlakatimizning istiqboldagi barqaror taraqqiyoti uchun ham muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Dilbar Usmonova qo‘mita a’zosi:

– O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosat olib borayotgani va xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlari dunyo jamoatchiligi tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, chet ellarda yashovchi millionlab vatandoshlarimiz bilan mustahkam aloqa o‘rnatilayotgani va qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimizning nufuzi va obro‘-e’tiborini keskin oshirmoqda. O‘tgan yili oktyabr oyida Afg‘onistondagi rasmiy tillardan biri sanalgan o‘zbeklarning davlat miqyosida keng bayram qilinishi, bu yerdagi o‘zbek millati vakillari tomonidan katta tantana qilishini albatta, butun millatimiz vakillarining qalbiga cheksiz faxru iftixor uyg‘otadi.

Yoki pandemiya davrida xorijda qiyin ahvolda tushib qolgan yuz minglab vatandoshlarimizning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish maqsadida qilingan beqiyos ko‘mak xalqimizda o‘z davlatiga, uning rahbariyatiga nisbatan ishonchni yanada mustahkamladi. Murojaatnomada dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimiz bilan yanada mustahkam aloqa o‘rnatish, ular haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasini tuzishni taklif etildi.

Albatta, taqdir taqozosi bilan chet mamlakatlarda yashayotgan, ba’zan muammolarga duch kelayotgan vatandoshlarimiz shu yurt, shu zaminni o‘zining ona Vatani deb biladi. Imkon topsa, muqaddas tuprog‘imizga sajda qilishga, shu yurt uchun jon fido qilishga tayyor. Ular bilan aloqalar o‘rnatish, huquqlarini himoya qilish insonparvarlikning eng yorqin namunasidir. Shu jihatdan men davlatimiz rahbarining bu tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlayman.

Muqaddas Tirkasheva qo‘mita a’zosi:

– Murojaatnomada kelgusi yil mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalasiga ham keng e’tibor qaratildi.

Bu juda ham muhim masala hisoblanadi. Zero, Orol dengizining qurishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojialaridan biri ekanligini, sahroga aylangan dengiz tubidagi tuzlar, qum-chang va zaharli o‘g‘itlar bashariyat hayotini va jahon tabiatini xavf ostiga qo‘yganini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Hozirda O‘zbekiston dunyoda misli ko‘rilmagan tajribaga qo‘l urmoqda. Dengiz o‘rnidagi millionlab gektar sahroni o‘rmonzorlarga, yashil belbog‘ga aylantirmoqda. Bu ezgu reja va amal aslida eng arzon, foydali va qulay chora sifatida tanlangan. Orolbo‘yidagi bepoyon sho‘rlangan yerlarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar ko‘lamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilash hamda munosib hayot faoliyatini ta’minlash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish maqsadida tashkillashtirilgan Orolbo‘yi xalqaro inovatsion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ammo bu qiyin ishlarni faqat O‘zbekistonning o‘zi amalga oshirishi ochig‘i murakkab kechmoqda. Bu jarayonlarga butun dunyo hamjamiyati birdam va yakdil bo‘lib ko‘mak ko‘rsatishi ayniqsa muhimdir. Ta’kidlab o‘tilgan taklif eng samarali va maqbul yo‘l sifatida Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy holatini tiklash, shuningdek aholi sog‘lig‘ini yaxshilash va ekologik tahdid zonasida genofondni saqlashga qaratilganligi bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Ayniqsa, BMT bilan hamkorlikda 2018 yilda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytirish – kelgusida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga, pirovardida esa Orolbo‘yi mintaqasining manzarasini butunlay o‘zgartirib yuborishga xizmat qiladi.



Manba: O'zA

  • 208