So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Hokimiyat yangiliklari

Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolariga tikuv korxonasi faoliyati manzur bo‘ldi

19.01.2021

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati akimi U.Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya Chinoz tumani Eshonobod qishlog‘idagi “Qojakent Textile” tikuv korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Endilikda qishloqda yashovchi chevarlar hamda yangi ish o‘rgangan tikuvchilar zamonaviy tikuv korxonalarida mehnat qilib, ro‘zg‘origa baraka kiritmoqda. Olis bir hududda markazdagidan aslo qolishmaydigan korxona qurilgani, ikki smenada 500 nafar xotin-qiz zamonaviy uslubdagi erkaklar uchun palto, kostyum-shim, maxsus kiyimlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Mahsulotlar mahalliy xomashyodan tayyorlanayotgan bo‘lib, eksportga chiqarish ham boshlangani mehmonlar tomonidan e’tirof etildi.

– O‘tgan yili maktabni tamomlaganimdan keyin qishlog‘imizda ochilgan katta tikuv sexida ishlay boshladim, – deydi Eshonobod qishlog‘ida yashovchi 18 yoshli Qahramon Nirillayev.

– Bu yerda tikilgan kiyimlarni dazmollash bilan shug‘ullanaman. Barcha sharoit yaratilgan, oylik maoshi o‘z vaqtida berilyapti. Muhimi, oilamga foyda keltirish uchun o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman. Hozir tekstil sohasida ish o‘rganyapman. Bu yil shu sohada oliygohlarga o‘qishga kirishni maqsad qilganman.

2020 yil korxona tomonidan 350 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Shu yerda xotin-qizlarga tikish-bichish sirlarini o‘rgatuvchi 200 o‘rinli zamonaviy o‘quv markazi ham ish boshlagan.

Delegatsiya a’zolari korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, iqtisodiy ko‘rsatkichlari va eksport imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. Soha mutaxassislari bilan kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi.



Manba: O'zA

  • 171