So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Hokimiyat yangiliklari

Jurnalistlar aholi bandligini ta’minlash borasida Zangiota tumani tajribasini o‘rgandi

Jurnalistlar aholi bandligini ta’minlash borasida Zangiota tumani tajribasini o‘rgandi
19.02.2021

Toshkent viloyati Zangiota tumanida fermerlar, oilaviy tadbirkorlar tomonidan olib borilayotgan ishlar, korxonalarning sifatli mahsulotlar tayyorlash va aholi bandligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar bilan tanishish maqsadida ️OAV vakillari va blogerlar uchun media-tur uyushtirildi.

Dastlabki manzil “Navro‘z-Obidjon-Sohibjon” fermer xo‘jaligi dalasi bo‘ldi.

bugungi kunda tumanda “Yoshlar daftari"ga kiritilgan 250 nafar o‘g‘il-qizlarning har biriga 0,25 sotix yer ajratilmoqda. Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan yoshlar orasida ishsizlik muammosini hal etish yuzasidan joylarda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda hududlarda ishsiz yoshlarni bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tashabbuslar o‘z natijasini bermoqda.

“Navro‘z-Obidjon-Sohibjon” fermer xo‘jaligida ham mehnat qilaman, daromad olib, oilamga foyda keltiraman, degan yer ajratildi. Xo‘jalik rahbarlari tomonidan butun mavsum davomida ularga to‘g‘ri yo‘nalishlar ko‘rsatadigan bo‘ldi.

Shundan so‘ng jurnalistlar “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan ishlarni borib ko‘rdi.

Ayni paytda tikuv-trikotaj mahsulotlari va bolalar kiyimi ishlab chiqarish, eksport qilishga ixtisoslashgan mazkur korxonada tumandagi 250 nafar xotin-qizlar va yoshlar mehnat qilmoqda.

Tadbirkor Kamoliddin G‘iyosovning ta’kidlashicha, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, boshqa hududlardan kelib ishlovchilar uchun 70 o‘rinli yotoqxona ham tashkil qilingan. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shu kunlarda korxona faoliyatini kengaytirish natijasida qo‘shimcha 100 ta yangi ish o‘rni yaratilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiyaga va Qozog‘istonga eksport qilinmoqda.

Bularning barchasi tadbirkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir. O‘tgan davr mobaynida bosqichma-bosqich ravishda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirib, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash va mahsulot yetkazib berish geografiyasini ham kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

Hozir imkoniyatdan unumli foydalangan holda kaftdek yerdan mo‘maygina daromad olishga intilayotgan insonlarni viloyat har bir hududida uchratish mumkin. Agarda sizning ham yo‘lingiz Zangiota tumaniga tushsa, albatta “O‘rta Ovul” mahallasiga boring, sababi, u yerdagi mehnatkash insonlarning shijoati, tomorqalarda yetishtirilayotgan poliz mahsulotlari ko‘zingizni quvontirishi aniq.

Mahalla odamlari har bir vaqtni g‘animat bilib, ro‘zg‘orini but, turmushini obod qilishga intilmoqda. Ayniqsa, bu ishda Iskandar Ahmedov, Ozoda Fozilova kabi serg‘ayrat yurtdoshlarimiz boshqalarga ham o‘rnak bo‘lmoqda.

Media-tur bahonasida ularni suhbatini oldik, tajribalari bilan o‘rtoqlashdik.

– Chindan ham berilayotgan imtiyozlar ishlayman, degan odamda imkoniyatlar eshigini ochmoqda, – deydi Iskandar aka Ahmedov.

– Issiqxonadan har yili 60-70 milliongacha daromad olaman. Yaqinda 30 million so‘m kredit evaziga 4 ta qoramol sotib oldim. Bilganlarimni qo‘shnilarga ham o‘rgatayapman.

Hadisini olganga tomorqa koni foyda. Qo‘shni xonadonda yashovchi Ozoda opa Fozilova har yili pomidor, sabzi, kartoshka singari mahsulotlar yetishtirib, yaxshigina hosil oladi.

– Uning bir qismini oilamiz va qo‘ni-qo‘shnilar bilan baham ko‘ramiz, – deydi O. Fozilova.

– Qolganini bozorda sotib oilamiz kam-ko‘sti uchun sarflaymiz. Hovlida turli mevali daraxtlar ekkanman, bahorda gullaydi, yozda esa rosa meva tugadi. Tomorqada mehnat qilishda xislat ko‘p. Oila to‘q yashaydi. Inson sog‘lom bo‘ladi. Farzandlar bolalikdan tevarak-atrofini, xonadonini saranjom-sarishta saqlashga odatlanadi.

Media-tur davomida jurnalistlar mutaxassislar va yoshlar bilan suhbatlashdi. Hududda olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.




  • 213