So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Litsenziyalash

Turistlik faoliyati bilan shug'illanish uchun litsenziya olish haqida ma'lumot

O'zbekiston Respublikasining 2012 yil 26 apreldagi “Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida”gi Qonuni oilaviy tadbirkorlar uchun katta qulayliklar yaratdi. Masalan, avval yashash joylarida tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun uy-xonadonlarini noturar joy fondiga o'tkazilar va kommunal to'lovlarni yuridik shaxs uchun belgilangan miqdorda to'lanar edi. Endilikda bu talablar bartaraf etildi. Turar joylarda tashkil etilgan tadbirkorlik faoliyati uchun kommunal to'lovlar jismoniy shaxs to'laydigan miqdorda belgilandi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 13 martdagi “Turizm faoliyatini amalga oshirish va litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 60-sonli qaroriga muvofiq oilaviy tadbirkorlar turistik faoliyat uchun litsenziya olishning ustav fondi miqdori kamaytirilib, eng kam ish haqining o'n barobariga tenglashtirildi.

Avval amalda bo'lgan litsenziyalash tartibida litsenziya oluvchilardan eng kam ish haqining 400 barobariga teng ustav fondini shakllantirish talab qilinar edi. Ustav fondining ko'pligi uchun “uy-mehmonxonalar”, dala-hovlilarning egalari o'z faoliyatni tashkil etish bo'yicha litsenziya olmas edilar.

Litsenziyasiz faoliyat ko'rsatish huquqni himoya qilish organlari tomonidan haqli ravishda e'tirozga sabab bo'ladi, litsenziyasiz faoliyat ko'rsatish (yoki litsenziyaning yo'qligi) qonuniy nazoratga olinadi va boshqa raqobatdagi litsenziya olgan tadbirkorlardan farqli o'laroq, dam oluvchilarni ro'yxatdan o'tkazishga asos bo'lolmaydi.

Eslatib o'tamiz, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning O'zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu erda bo'lishlari va tranzit o'tishlari tartibi to'g'risida” gi qaroriga asosan xorijlik fuqarolarning mehmonxonada turishlari vaqtinchalik yashash joyidan ro'yxatdan o'tganlikka tenglashtirilgan.

Yuqoridagilarga asosan, uy-joy egasi litsenziya olgach, mehmonlarni qabul qilish bo'yicha iqtisodiy faoliyatini boshlashi mumkin. Aks holda, ular sayyohlarni qabul qilish borasidagi imkoniyatlaridan to'liq foydalana olmaydilar.

O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi

165-modda. Faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug'ullanish

Litsenziya olinishi yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar olinishi shart bo'lgan faoliyat bilan litsenziyasiz yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug'ullanish -

fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o'n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o'n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi

190-modda. Faoliyat bilan litsenziyasiz shug'ullanish

Litsenziya olinishi shart bo'lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug'ullanish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, -

eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan etmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Litsenziya olinishi shart bo'lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug'ullanish:

a) xavfli retsidivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo'lsa, -

eng kam oylik ish haqining etmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Izoh: Turistik faoliyatni litsenziyalash bo'yicha Ishchi organi faoliyatini “O'zbekturizm” milliy kompaniyasi amalga oshiradi: Telefonlar: (+998-71) 233-54-14; Faks: (+998-71) 233-80-68; E-mail:info@uzbektourizm.uz Veb-sayt: www.uzbektourizm.uz. Litsenziyalash xizmati: (+998-71) 233-12-74; E-mail: alimov@uzbektourizm.uz.


  • 1987