So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Xalqaro hamkorlik aloqalari, tadbirlar, seminar treninglar

Qozog'istonlik hamkorlar bilan 22 million dollorlik kelishuvga erishildi

Qozog'istonlik hamkorlar bilan 22 million dollorlik kelishuvga erishildi
27.02.2020
Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatda, birinchi navbatda, qo‘shni va qardosh davlatlar bilan har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari juda ko‘p sohalarda, xususan, savdo-sanoat, iqtisodiy-ijtimoiy, turizm, agrar yo‘nalishlarda ham jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda.

Bu borada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning samarali faoliyati muhim omil bo‘lmoqda.

Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin boshchiligidagi delegasiya mehmon bo‘lib turibdi. 

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida bugun Xorazm viloyatida ikki davlat hukumat rahbarlari – Abdulla Aripov va Asqar Mamin ishtirokida hukumatlar delegasiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda e’tirof etilganidek, iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlaridagi hamkorlik aloqalari jadallashgani tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2019 yilda qariyb ikki barobar o‘sdi va 3,3 milliard dollarni tashkil etdi. 

Ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumat zimmasiga yaqin yillarda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini joriy yil 5 milliard dollarga, yaqin yillarda esa 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun har ikki davlatda ham yetarli imkoniyatlar mavjud.

Qayd etilishicha, o‘tgan bir yil davomida Qozog‘iston va O‘zbekistonning viloyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik munosabatlari anchayin faollashib, viloyatlar delegasiyalarining 12 ta o‘zaro tashrifi amalga oshirildi. Natijada hududlar o‘rtasidagi savdo hajmi 40 foizga ortgan.

Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent viloyati hokimi, senator Rustam Xolmatov rahbarligidagi viloyatimiz delegasiyasi ham faol ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasining qator viloyatlari va biznes doiralari vakillari bilan bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, viloyat hokimi R.Xolmatov Turkiston, Chimkent, Kustanay viloyatlari hokimlari U.Shukeyev, M.Aytenov, A.Muxambetov, Turkiston shahri hokimi R.Ayupov bilan hududlararo hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish to‘g‘risidagi Bitimlarni imzoladi.

Shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari D.Abdusalomov Qozog‘istonning “Ecoton Sharq” MChJ bilan 10 mln.dollarlik, “Azia Kraft” korxonasi bilan 2 mln. dollarlik investision kelishuvlarni, Qozog‘istonning boshqa qator biznes doiralari bilan esa, jami 10 mln. dollarlik eksport shartnomalarini imzoladi.

Demak, joriy yilda viloyatimizning qozog‘istonlik do‘stlar bilan savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, eksport-import va boshqa sohalar bo‘yicha ikki tomonlama teng manfaatlarga asoslangan hamkorlik aloqalari yanada kengayadi va rivojlanadi.

Birgalikda amalga oshiriladigan qator loyihalar esa, viloyatimiz aholisining farovonligiga, o‘z navbatida, hududimiz iqtisodining yuksalishiga xizmat qiladi.




  • 903