So'rovnoma
  1. Siz uchun axborot oshkorligi uchun qanday ma’lumotlar bazasi zarur?
Xalqaro hamkorlik aloqalari, tadbirlar, seminar treninglar

Novosibirsk delegatsiyasi Toshkent viloyati Yoshlar Markazida!

Novosibirsk delegatsiyasi Toshkent viloyati Yoshlar Markazida!
28.10.2019
2019 yilning 24-25 oktabr kunlari Toshkent viloyati xalqaro investitsiya Forumi doirasida bir qator loyiha va tadbirlar, hamkorlik uchrashuvlari va bitimlar imzolash marosimlari, loyihaviy kelishuvlar va boshqa hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forumning birinchi kunida Nurafshon shahridagi viloyat Yoshlar Markazida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahri va Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Novosibirsk Davlat Pedagogika universiteti “Texnologiya va tadbirkorlik” fakulteti dekani Roman Komenov, Novosibirsk Davlat Texnika universiteti “Texnologiya va mexanika” fakulteti dekani Vasiliy Yanpolskiy va universitet talabalari ishtirok etdilar.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda mehmonlar o‘zlari faoliyat olib borayotgan ta’lim muassasalari hamda Rossiya Federatsiyasining o‘nlab nufuzli ta’lim dargohlari haqidagi taqdimotni namoyish etdilar. Oliygohlarda yaratilgan shart-sharoitlar, talabalarning texnika-iqtisodiyot sohasidagi bilimlarini oshirish, innovatsion yondashuvlarini rag‘batlantirish va yuzaga chiqarish borasida qilinayotgan amaliy ishlar bilan o‘rtoqlashdilar. Talabalar tomonidan ixtiro qilingan texnik ishlanmalar uchrashuvga yig‘ilgan 300 ga yaqin yigit-qizlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir so‘ngida har ikkala mamlakat o‘quvchi-yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, jarayonda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari mehmonlarga Yoshlar ittifoqining ko‘krak nishonlarini taqib qo‘ydilar. Ular ham o‘z navbatida sardorlarga Novosibirsk Davlat Pedagogika universitetining ramziy belgisini taqdim etdilar.
- Bizning Novosibirskda hozir havo harorati ancha sovuq, - deydi Roman Vladimirovich. - To‘g‘ri, buning ham o‘z gashti bor, ammo Sizning yurtingizga kelib ko‘rdikki, bu yer iliq va go‘zal!
O‘zga yurt vakilining Toshkent viloyatiga “iliq va go‘zal” deya havas bilan bildirgan ta’rifi hammani to‘lqinlantirib yubordi. Barcha yoshlar mazkur so‘zlarni o‘rinlaridan turib olqishladilar. Mehmonlarning hayrati, e’tirofi zamirida Toshkent viloyati, xususan, Nurafshon shahrining kundan-kunga chiroy ochayotgan yangi manzarasi, minglab insonlarning birdamligi, fidokorona mehnatlari yotadi...



Manba: Toshkent viloyati hokimligi

  • 906